Skip to content
Umumiy maqolalar: 11

“Boburnoma” asarida boshqaruv madaniyati va siyosiy tafakkur tahlili

👁 28 📅 18.02.2026

Annotatsiya

Mazkur maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari boshqaruv madaniyati va siyosiy tafakkur manbasi sifatida tahlil qilinadi. Asarda hukmdorning qaror qabul qilish jarayoni, harbiy-intizomiy boshqaruv, resurs va taminot masalalari, ichki xavfsizlikni taminlash, diplomatik munosabatlar hamdadevontizimi kabi boshqaruv institutlari tarixiy misollar asosida yoritiladi. Bobur siyosiy tafakkurining “mashvarat–farmon–ijro–nazorat” tamoyiliga asoslanganligi ko‘rsatib beriladi. Tadqiqotda Bobur qarashlari Aristotel, Nizomulmulk, Makiavelli va Maks Veberning siyosiy nazariyalari bilan qiyosiy tahlil qilinadi. Natijada “Boburnoma” nafaqat tarixiy memuar, balki davlat boshqaruvi madaniyati va siyosiy tafakkur evolyutsiyasini aks ettiruvchi muhim ilmiy manba ekani asoslanadi.

Kalit so'zlar

Boburnoma, Zahiriddin Muhammad Bobur, boshqaruv madaniyati, siyosiy tafakkur, mashvarat, farmon, devon tizimi, davlat boshqaruvi, legitimlik, harbiy intizom, diplomatiya.

“Boburnoma” Sharq mumtoz adabiyotida tarixiy-memuar janrining yuksak namunasi sifatida alohida ilmiy-estetik qadriyatga ega bo‘lib, u nafaqat XV–XVI asrlar siyosiy voqealarining hujjatli tasviri, balki hukmdor shaxsining boshqaruv tafakkuri va davlat idorasi haqidagi qarashlarini aks ettiruvchi manba sifatida ham e’tirof etiladi. Asarda Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zini shoir va muarrix sifatida emas, avvalo, real tarixiy jarayonlar ichida shakllangan davlat rahbari, lashkarboshi hamda siyosiy arbob sifatida namoyon qiladi. “Boburnoma”ning manbashunoslikdagi ahamiyati shundaki, unda muayyan tarixiy epizodlar oddiy xronologik bayon tarzida emas, balki hukmdorning strategik qarori, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni idrok etish darajasi, murosaga kelish yoki qarshilik ko‘rsatish yo‘lini tanlashi kabi murakkab boshqaruv muammolari bilan uzviy bog‘liq holda yoritiladi. Shu bois, “Boburnoma”ni faqat tarixiy yodnoma sifatida emas, balki o‘sha davr siyosiy madaniyati va amaliy boshqaruv tajribasini ifodalovchi “davlat tafakkuri matni” sifatida talqin etish ham maqsadga muvofiqdir.

Asarda davlat boshqaruvi masalalari keng qamrovda ochiladi: qaror qabul qilishning shart-sharoitga bog‘liqligi, tartib-intizomni saqlashning siyosiy zarurati, resurs va ta’minot (iqtisodiy asos)ning harbiy va ijtimoiy barqarorlikka ta’siri, harbiy yurishlarning rejalashtirilishi hamda ichki va tashqi siyosiy munosabatlar muammosi kabilar “boshqaruv amaliyoti”ning tarkibiy qismlari sifatida namoyon bo‘ladi. Bobur voqelikni faqat kuzatuvchi emas, balki aynan davlat mexanizmining markazida turgan shaxs sifatida baholaganligi uchun “Boburnoma” hukmdor mas’uliyati, siyosiy tavakkal va strategik fikrlashning tabiati haqidagi muhim xulosalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, u lashkar intizomi susayishi, hukmdorlar va amaldorlar o‘rtasidagi nizolar kuchayishi, iqtisodiy bazaning zaiflashuvi kabi omillar davlatning ichki tanazzuliga olib kelishini real tarixiy misollar bilan ko‘rsatadi. Bunday holatlarning qayd etilishi “Boburnoma”ni siyosiy tarix bilan bir qatorda boshqaruv madaniyati tarixi uchun ham muhim manbaga aylantiradi.

Siyosiy tafakkur tushunchasi esa faqat davlatni boshqarish texnikasi emas, balki hokimiyatni qonuniylashtirish (legitimlik), tartib va nizomni mustahkamlash, adolatni siyosiy hayotning mezoni sifatida belgilash, harbiy-intizomiy nazoratni qo‘llash, diplomatik murosalar orqali manfaatni himoya qilish kabi masalalarga doir konseptual qarashlarni o‘z ichiga oladi. “Boburnoma”da bu masalalar “mashvarat–farmon–ijro–nazorat” zanjiri orqali hayotiy dalillar bilan yoritiladi: hukmdor avval vaziyatni tahlil qiladi, so‘ng maslahatlashadi (mashvarat), keyin siyosiy buyruq beradi (farmon), uning amaliy natijalarini kuzatadi (ijro), zarur bo‘lsa tartib va adolatni tiklash uchun qayta nazorat mexanizmini ishga soladi. Demak, Bobur siyosiy tafakkuri o‘z mohiyatiga ko‘ra faqat nazariy g‘oya emas, balki real boshqaruv tajribasida sinovdan o‘tgan amaliy qarashlar tizimidir.

Nazariy jihatdan bu holatni klassik siyosiy tafakkur namunalari bilan qiyoslash mumkin. Jumladan, Aristotel “Siyosat” asarida davlatni umumiy manfaatni ko‘zlovchi tizim sifatida ko‘rib, boshqaruvning poydevori sifatida adolat va tartib g‘oyasini ilgari suradi[1]; Nizomulmulk “Siyosatnoma”da hukmdorning asosiy vazifasi xalq manfaatini himoya qilish, amaldorlarni nazorat qilish va zulmning oldini olish ekanini ta’kidlaydi[2]; Makiavelli esa hokimiyatni saqlashda kuch, irodaviy qat’iyat va siyosiy pragmatizmni muhim omil sifatida baholaydi[3]. Bobur tajribasida mazkur nazariy yo‘nalishlarning muayyan jihatlari uyg‘unlashadi: u kuchni davlatni saqlab qolish zarurati sifatida e’tirof etadi, biroq bu kuchning legitimligi va samaradorligini adolat, mas’uliyat hamda tartib bilan nazorat qilishga intiladi. Shu bois “Boburnoma”dagi siyosiy tafakkur faqat hukmdorning shaxsiy qarashlari emas, balki murakkab tarixiy sharoitda shakllangan davlatparvarlik va boshqaruv madaniyati tajribasi sifatida ilmiy tahlilga munosibdir.

Boshqaruv madaniyatiBoburnomada sof nazariy mulohazalar tarzida emas, balki tarixiy voqealar oqimi ichida yuzaga kelgan real tajriba sifatida namoyon boladi. Bobur hukmdor sifatida davlatni idora etish jarayonida inson omililashkar ruhiyati, sadoqat va xiyonat, qorquv va irodasizlik, siyosiy qarorlarning omma tomonidan qabul qilinishi kabi psixologik hamda ijtimoiy omillarning hal qiluvchi ornini ochiq aks ettiradi. Bu holat Boburning boshqaruv tizimini faqat buyruq va farmonlar mexanizmi emas, balki jamoaviy intizom va ichki boysunish madaniyatiga tayanadigan murakkab boshqaruv modeli sifatida talqin qilish imkonini beradi.

Xususan, qoshin tartibsizlanib, birdaniga chekinib ketgan vaziyat tasvirida hukmdorning nazorati ijtimoiy-psixologik omillar tasirida zaiflashgani kuzatiladi. Bobur bu jarayonni shunday ifodalaydi: “...gofil va uyquluq el bir yoli-oq bir-biriga boqmay duvurlab qocha berdilar. Men elni tiyguncha fursat ham bolmadi...”. Bu parchada harbiy boshqaruv madaniyatining muhim muammosikeskin vaziyatda intizomning tez buzilishi va ommaviy ruhiytarqoqlikning hukmdor irodasini cheklab qoyishi yaqqol namoyon boladi[4]. Mazkur iqtibos Bobur siyosiy tafakkurining muhim xususiyatini korsatadi: hokimiyatning kuchi faqat buyruq chiqarish imkoniyati bilan emas, balki jamoa (qoshin)ning ichki intizomi va boysunishga tayyorligi bilan belgilanadi. Bu jihat Maks Veber nazariyasidagi legitimlik va boysunish mexanizmlari bilan mushtarakdir: Veberga kora, hokimiyatning barqarorligi kop jihatdan jamiyatning hukmdor hokimiyatini ichki qabul qilishi va itoatning institutsional-psixologik asoslariga bogliq boladi[5]. “Boburnomadagi mazkur epizod esa Bobur tajribasida bu ichki boysunish ayrim holatlarda yemirilishi, natijada boshqaruvning real amaliyoti murakkablashishini ochiq tasdiqlaydi.

Bobur siyosiy tafakkurida davlat barqarorligini ta’minlovchi eng muhim tayanch omillardan biri — ta’minot va resurs masalasidir. “Boburnoma”da hokimiyat faqat harbiy qudrat yoki siyosiy iroda bilan emas, balki iqtisodiy asos (ta’minot, oziq-ovqat, lashkar ehtiyoji, moddiy resurslar) bilan uzviy bog‘liq holda talqin qilinadi. Muallifning kuzatuvlari shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy bazis zaiflashgan sharoitda harbiy kuchning saqlanib qolishi qiyinlashadi, natijada siyosiy barqarorlik ham izdan chiqish xavfiga duch keladi. Shu ma’noda Bobur davlat boshqaruvini idealistik tasavvur emas, balki real sharoit va amaliy imkoniyatlarga tayanuvchi tizim sifatida ko‘rsatadi.

Xususan, Samarqand zabt etilgandan keyingi vaziyat tasvirida resurs tanqisligi davlat boshqaruviga bevosita tahdid sifatida namoyon bo‘ladi. Bobur bu holatni nihoyatda ochiq va real tarzda qayd etadi: “Bu jihatlardin cherik eli ko‘p tanqisliq torttilar. Biz ham elga nima yetkura olmaduk” [1, b. 3]. Mazkur parcha hukmdor uchun eng og‘ir masalalardan biri — qo‘shin va aholi ehtiyojini qondirishga resurs yetishmasligi, ta’minot uzilishi natijasida boshqaruvning ichki mexanizmlari susayishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Ushbu iqtibos orqali Boburning boshqaruv madaniyati ikki yo‘nalishda yaqqol ko‘rinadi. Birinchidan, muallif hukmdor sifatida mavjud ahvolni bezamasdan, “propagandasiz” tan oladi, ya’ni harbiy g‘alabadan keyingi murakkab iqtisodiy sharoitni yashirmaydi. Ikkinchidan, Bobur ta’minotsiz davlatning kuchsizlanishi muqarrarligini anglaydi: resurs yetishmasa, lashkar birligi va sadoqati zaiflashadi, natijada hokimiyatning amaliy tayanchi sinadi. Bu jarayonni shartli mantiqiy zanjir orqali ifodalash mumkin: “ta’minot yo‘q” → “lashkar tarqaladi” → “hokimiyat izdan chiqadi”.

Mazkur mulohazalar Sharq siyosiy tafakkuridagi Nizomulmulk qarashlari bilan hamohangdir. “Siyosatnoma”da davlatning mustahkamligi moliya intizomi, idora tizimining tartibi va nazorat mexanizmlariga bog‘liq ekani ta’kidlanadi. Bobur esa bu g‘oyani nazariy qoida sifatida emas, balki tarixiy voqealar fonida amaliy tajriba orqali tasdiqlaydi: Samarqand kabi strategik markazning qo‘lga kiritilishi o‘zi kifoya emas; agar iqtisodiy baza va ta’minot tizimi mustahkamlanmasa, siyosiy g‘alaba barqaror natijaga aylanmaydi.

“Boburnoma”da boshqaruv amaliyotining eng muhim instrumentlaridan biri — farmondir. Farmon Bobur tajribasida shunchaki quruq buyruq yoki formal hujjat emas, balki ma’lum vaziyatni chuqur tahlil qilish, kuchlar nisbatini hisobga olish hamda davlat manfaatini (“saloḥi davlat”) ko‘zlash orqali shakllanadigan siyosiy qaror sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jihat Boburning boshqaruv madaniyati irodaviy qat’iyat bilan birga siyosiy ehtiyotkorlik va strategik hushyorlikka tayanishini ko‘rsatadi.

Bobur salotin va umaroga yo‘llagan farmonlarida aynan davlat manfaatiga mos yo‘lni tanlash g‘oyasini ustuvor qo‘yadi: “...jami’ salotin va umarog‘a farmon bo‘ldikim... har soriğa salohi davlat bo‘lsa... mutavajjih bo‘lg‘ay”. Mazkur iqtibos Bobur siyosiy tafakkuridagi markaziy tamoyilni ochadi: davlatni boshqarishda qaror subyektiv istak yoki hissiyotga emas, balki davlat manfaatiga mos (saloḥi davlat) strategiyaga asoslanishi kerak. Bunda farmon hokimiyatning bir tomonlama zo‘ravon amri sifatida emas, balki siyosiy maqsadni belgilovchi va ijroga yo‘naltiruvchi “boshqaruv mexanizmi” sifatida ko‘rinadi.

Shuningdek, Bobur ko‘plab vaziyatlarda qarorni yakka hukm sifatida emas, balki mashvarat orqali pishitadi. Harbiy strategiyani belgilash jarayonida u turk va hind umarolarini jamlab, maslahatga tayanadi: “...turk va hind umarosini charlab, mashvarat qilib, so‘zni munğa qo‘yuldikim, bu yil... bir sori cherik yurumoq kerak...”. Bu parchada boshqaruv madaniyatining ikki muhim unsuri yaqqol ko‘rinadi: birinchisi — kollegial maslahat (mashvarat), ikkinchisi esa — qaror va ijro birligi (strategiyani belgilash va uni amalda bajarish). Mazkur holat Aristotel siyosiy tafakkuridagi “davlat maslahat va muvofiqlashtirish bilan yashaydi” degan prinsipga yaqin bo‘lib, Boburda bu tamoyil amaliy boshqaruv tajribasi sifatida yuzaga chiqadi.

Bobur boshqaruv madaniyatida intizom shaxsiy axloqiy talab darajasida emas, balki davlat barqarorligini ta’minlovchi siyosiy mexanizm sifatida talqin qilinadi. Chunki u yashagan davr sharoitida davlatni saqlash masalasi bevosita qo‘shin tartibi, harbiy bo‘linmalar boshqaruvi va kuchlarning uyushqoqligiga bog‘liq edi.

Bobur jang oldidan qo‘shinni tartib bilan joylashtirishga alohida urg‘u beradi: “...vali xili yaxshi tuzukğa mazbut yasal ta’biya va tartib qilib edim. Hech mahal oncha tartib va nasaq bila yasamaydur edim...”. Ushbu iqtibosdan ko‘rinadiki, Bobur boshqaruv madaniyatida “tuzuk”, “tartib” va “nasaq” tushunchalari harbiy yutuqning tasodifiy natijasi emas, balki oldindan rejalashtirilgan tashkilotchilik faoliyati sifatida shakllanadi.

 Muallif qo‘shin boshqaruvini ichki strukturaga ajratish orqali kuchaytiradi, ya’ni harbiy bo‘linmalarni mayda birliklarga bo‘lib, ularning boshliqlarini tayinlaydi: “...tamom o‘n-o‘n va ellik-ellik bitilib... o‘n ulug‘i va ellik ulug‘i ta’yin etib edim”. Bu jarayon Bobur siyosiy tafakkurining amaliy tashkiliy madaniyatga aylanganini ko‘rsatadi: davlat kuchi ko‘plikda emas, balki tartibli strukturada, bo‘ysunish zanjiri va mas’uliyat taqsimotida namoyon bo‘ladi.

Bobur boshqaruvi faqat harbiy yurishlar va siyosiy raqobat bilan cheklanmaydi. “Boburnoma”da ichki barqarorlikni ta’minlash uchun hududda tartib o‘rnatish, jinoyatchilikni jilovlash, xalq bilan muomala madaniyatini shakllantirish masalalari ham muhim komponent sifatida ko‘rsatiladi. Bu jihat boshqaruv madaniyatining “ichki xavfsizlik” o‘lchovini belgilaydi.

Bobur bu masalada aniq farmon beradi: “beklariga farmon bo‘ldikim, qaroq va o‘grini man’ qilib, yaxshi maosh va ixtilot qilg‘aylar”. Mazkur iqtibosda boshqaruv madaniyati uch yo‘nalishda ko‘rinadi: birinchidan, xavfsizlikni ta’minlash (qaroq va o‘grini man qilish); ikkinchidan, iqtisodiy boshqaruv (maosh masalasi); uchinchidan esa ijtimoiy muomala (“ixtilot” — xalq bilan aloqani yo‘lga qo‘yish). Veber nazariyasi doirasida bu holat legal-ratsional boshqaruv elementiga yaqinlashadi: hokimiyat faqat kuch bilan emas, balki tartib, nazorat va tizim orqali legitimlikni mustahkamlashga intiladi.

“Boburnoma”da davlat moliyasi, harbiy ehtiyoj va sarf-xarajat nazorati masalalari boshqaruv madaniyatining institutlashgan shakli sifatida ko‘rinadi. Bobur “devon” tizimini qo‘llashi orqali davlatning faqat farmon bilan emas, balki hisob-kitob, taqsimot va rasmiy nazorat mexanizmlari bilan yuritilishini ko‘rsatadi. Muallif bu holatni quyidagicha qayd etadi: “...sadu siy farmon bo‘ldikim, devonğa tushurub, bu asbob va olotqa sarf va xarj qilg‘aylar”. Ushbu parcha Bobur boshqaruvida moliyaviy tartibning mavjudligini anglatadi: resurslar tasodifiy sarflanmaydi, balki devon orqali rasmiylashtiriladi va taqsimlanadi. Shu tariqa “Boburnoma”da boshqaruvning institutsional (tashkiliy-huquqiy) shakli ham kuzatiladi.

Bobur siyosiy munosabatlarda kuch bilan bir qatorda muomala madaniyatini ham siyosiy barqarorlik omili sifatida baholaydi. Diplomatik maktublashuvdagi ohang, rasmiy muomala shakli, ramziy ishoralar (masalan, muhrning joylanishi) ham siyosiy muammolarni keskinlashtirishi mumkinligini muallif ochiq ko‘rsatadi.

Buni Bobur quyidagi epizodda aniq ifodalaydi: “...qog‘ozning o‘rtasida muhr bosib yuboribtur. Agar mundoq rustoyina harakatlar qilmasa erdi... ish munğa yetmas edi”. Bu iqtibosda siyosiy tafakkurning muhim qirralari aks etadi: diplomatiyada “shakl” ham mazmun kabi kuchlidir; muomala madaniyati buzilsa, siyosiy aloqalar keskinlashadi. Machiavelli siyosiy ramz va diplomatik strategiyani hokimiyatni saqlash vositasi sifatida talqin qilgani kabi, Bobur ham rasmiy muomala detallarini siyosiy “signal” sifatida tushunadi.

Yuqoridagi tahlillar asosida “Boburnoma”dagi boshqaruv madaniyati va siyosiy tafakkur quyidagi ilmiy xulosalarni beradi:

Bobur boshqaruvni ideal nazariya sifatida emas, balki real tarixiy tajriba va sinov maydoni sifatida yoritadi.

Davlatni saqlashda asosiy omillar resurs, ta’minot, intizom va tizimli boshqaruvga bog‘liq.

Farmonlar mashvarat va “saloḥi davlat” tamoyiliga tayanib, siyosiy qarorning strategik asosini belgilaydi.

Harbiy boshqaruvning negizi “tuzuk”, “tartib” va “nasaq” kabi tashkilotchilik omillarida mujassam.

Ichki xavfsizlik (jinoyatchilikka qarshi nazorat) davlat barqarorligining amaliy o‘lchovi sifatida talqin qilinadi.

“Devon” tizimi orqali moliya va sarf-xarajatning tartibli yuritilishi boshqaruvning institutsional shaklini anglatadi.

Diplomatik muomala va rasmiy munosabat madaniyati siyosiy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Umuman olganda, Bobur siyosiy tafakkuri Sharqona “adolat–tartib–mas’uliyat” tizimi bilan G‘arbona “strategiya–pragmatizm” yo‘nalishi kesishgan nuqtada shakllanib, “Boburnoma”da tarixiy tajriba orqali tasdiqlangan konseptual boshqaruv modeli sifatida namoyon bo‘ladi. “Boburnoma” asarida boshqaruv madaniyati va siyosiy tafakkur davlatni idora qilishning real tarixiy mexanizmlari orqali yoritiladi. Boburning siyosiy dunyoqarashi adolat va tartibni davlat barqarorligining poydevori sifatida tushunadi; harbiy intizom, moliyaviy boshqaruv (“devon”), diplomatik muomala, xavfsizlik nazorati kabi omillar esa hukmdor faoliyatining ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘ladi. “Boburnoma” shu jihatdan ham tarixiy memuar, ham siyosiy tafakkur manbai, ham boshqaruv madaniyati maktabi sifatida ilmiy qadriyat kasb etadi.

 Foydalanilgan adabiyotlar

1.     Bobur Z. M. Boburnoma. – Toshkent: Fan, 1960.

2.     Aristotel. Siyosat. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2012.

3.     Nizomulmulk. Siyosatnoma. – Toshkent: Fan, 1997.

4.     Machiavelli N. Hukmdor. – Toshkent: Akademnashr, 2010.

5.     Weber M. Iqtisodiyot va jamiyat. – Moskva: Progress, 1990.

6.     Karimov N. O‘zbek adabiyoti tarixi. – Toshkent: O‘qituvchi, 2008.

7.     Valixo‘jayev B. O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi. – Toshkent: Fan, 2006.

 



[1] Аристотель. Политика // Аристотель. Сочинения: В 4 т. — М.: Мысль, 1983. — Т. 4. — С. 376–644.

[2] Низам ал-Мульк. Сиасет-намэ: Книга о правлении вазира XI-го столетия Низам ал-Мулька / пер. Б. Н. Заходера. — М.; Л.: Изд-во Академии наук СССР, 1949. — 383 с.

[3] Макиавелли, Н. Государь. — СПб.: Азбука; Азбука-Аттикус, 2023.

[4] Qarang: Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. — Toshkent: O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti, 1960. — 509 b.

[5] Вебер, М. Хозяйство и общество: очерки понимающей социологии: в 4 т. — М.: Изд. дом Высшей школы экономики, 2019.


    "Bobur kutubxonasi" 2026-yil 1-son