Skip to content
Umumiy maqolalar: 2

“HAMDO'STLIK KUTUBXONALARINING TA’LIM SOHASIDAGI HAMKORLIGI” XALQARO LOYIHASINING TO‘RTINCHI MAVSUMI YAKUNLANDI

Muxtarov Ilxomjon Ismailovich
Axborot-texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy etish bo'yicha direktor o'rinbosari
Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi
Annotation:
Maqola muallifi 15-apreldan 24-mayga qadar bo'lib o'tgan "Hamdo'stlik kutubxonalarining ta'limiy kollaboratsiyasi – 2024" nomli ikki bosqichli loyihada ishtirok etish bo'yicha o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashadi. Ushbu vaqt davomida Rossiya Davlat kutubxonasi, Tatariston Respublikasi Milliy kutubxonasi hamda Moskva va Qozon shaharlarining barcha yirik madaniy maydonlarida 50 nafar ishtirokchi seminarlar, konferensiyalar, kutubxonachilik sohasidagi ilg'or tajribalar taqdimoti orqali o'z ishlanmalari, qiziqarli tajribalari, tashabbus va g'oyalari bilan bo'lishdilar.

 

2024-yil 15-apreldan 24-mayga qadar Rossiya Davlat kutubxonasi Rossotrudnichestvo bilan hamkorlikda toʻrtinchi marta “Yangi avlod” dasturi doirasida ikki bosqichli keng koʻlamli loyihani amalga oshirdi. Loyihada Rossiya va xorijiy mamlakatlardan — Ozarbayjon, Armaniston, Belarusiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondan respublika, viloyat, tuman va idoraviy kutubxonalar vakillaridan iborat 50 nafar 25 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan yosh mutaxassislar ishtirok etdilar.

Loyihaning birinchi bosqichida masofaviy tarzda 15-26 aprel kunlari ikkita malaka oshirish dasturi — “Bloglar va ijtimoiy tarmoqlarda muloqot: strategiya va taktika” va “Muloqotni boshqarish: boshqaruv psixologiyasi” mavzularida “iSpring Learn” platformasi orqali jami 32 akademik soatlik treninglar tashkil etildi. Masofaviy trening yakunida barcha ishtirokchilar onlayn tarzda test sinovlarida qatnashdilar. Oʻtkazilgan test sinovi natijasiga koʻra barcha ishtirokchilar muvaffaqiyatli oʻtganligi aniqlandi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 17-may kuni Rossiya Davlat kutubxonasida boshlandi. Kutubxonada “Yangi avlod” dasturi “Ta’lim” blokining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Seminar davomida “Hamdoʻstlik kutubxonalarining ta’lim sohasidagi hamkorligi”, “Osiyo yosh yetakchilari” hamda rus tili “InterRussia” loyihalari boʻyicha xorijiy mutaxassislar uchun amaliy mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi.

“Ta’lim” blokining ochilishida oʻtkazilgan seminar-treningda Rossiya Davlat kutubxonasi bosh direktori, Yevrosiyo kutubxonalar assambleyasi prezidenti Vadim Valeriyevich Duda ishtirokchilarga murojaatida: “Kutubxonalarning kelajagi juda katta, chunki biz hammamiz kitoblar sivilizatsiyasimiz, aqlli kitoblarda yozilganlarga ishonishimiz kerak. Axir kitob oʻqiydiganlar televizor koʻrayotganlarni hamisha nazorat qiladilar” — deb ta’kidladi.

Seminarda Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Aleksandrovich Primakov, A.M. Gorchakov nomidagi Xalq diplomatiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ijrochi direktorining oʻrinbosari Viktoriya Georgiyevna Karsliyeva, A.S. Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti ta’limni rivojlantirish va raqamlashtirish boʻyicha prorektori Dina Anatolyevna Gorbatova, Oltoy davlat universitetining xalqaro faoliyatni rivojlantirish boʻyicha prorektori Roman Ilyich Raykinlar ham ishtirok etdilar.

Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov loyihaning maqsadi haqida gapirar ekan, shunday dedi: “Bizning mazmunli aloqalarimiz, olgan bilim va tajribamiz bizni yanada yaqinlashtiradi va yanada yaxshilaydi. Bu bizning maqsadimiz — tanishuv nafaqat yoqimli va qiziqarli, balki kelajakdagi qoʻshma tashabbuslarni shakllantirish uchun ham foydali boʻladi”.

“Yangi avlod” dasturi bo‘yicha yosh mutaxassislar o‘zlarining xalqaro hamkorligi sohasidagi ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Lenin nomidagi Rossiya Davlat kutubxonasining kutubxona va axborot xizmatlari boʻlimi sektori mudiri Anjelika Aleksandrovna Langolf tinglovchilarni Rossiya Davlat kutubxonasining elektron resurslari va ulardan foydalanish imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilarga loyihaning kutubxona muhitida istiqbollari va dolzarbligi, qoʻshni mamlakatlarda umumiy gumanitar va kasbiy makon yaratishdagi ahamiyati haqida xulosalar berildi.

Loyiha doirasida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan yosh mutaxassislar bir-birlari bilan barqaror muloqot yaratish, professional aloqalarini o‘rnatish va uzoq muddatli hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yishni o‘zlariga maqsad qilib oldilar.

Loyiha ishtirokchilari 20-22 may kunlari Qozon shahrida Rossiya kutubxonalar assotsiatsiyasining XXVIII konferensiyasi: “Butunrossiya kutubxona kongressi”da ishtirok etdilar.  Loyihaning eng yorqin voqealaridan biriga aylangan kongressning tantanali ochilishida yosh delegatlarni Rossiya kutubxonalar assambleyasi prezidenti Mixail Dmitriyevich Afanasyev kutib oldi. Kongress ochilishida Rossiya Davlat kutubxonasi direktori V.V. Duda, Qozon va 12 ta hamdoʻstlik davlatlaridan 1500 nafar mehmonlar ishtirok etdilar. Kongressda Xitoy, Eron, Hindiston, Serbiya vakillari ilk bor qatnashdilar.

21-may kuni Qozon milliy kutubxonasida Rossiya kutubxonalar assambleyasining Xalqaro hamkorlik boʻlimi tomonidan tashkil etilgan “Oila — millatning posboni va madaniy kodeksining yaratuvchisi” mavzusidagi seminarda “Ta’lim sohasidagi hamkorlik” delegatlari faol ishtirok etishdi. 50 nafardan ziyod ishtirokchilar yetti guruhga boʻlinib “Kutubxonada oila” mavzusidagi loyihada ishtirok etdilar.

Loyiha 24-may kuni Rossiya Davlat kutubxonasida yakunlandi. Yakunlash marosimi doirasida barcha delegatlarga belgilangan turdagi malaka oshirish kurslarini tamomlaganligi boʻyicha sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Loyiha yuzasidan fikrlar almashildi.