
Shoxida Shokirova
Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi,
Huquqiy axborotlar sektori mutaxassisi
2024 yilda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga 79 yil to‘ldi.
Ikkinchi jahon urushida butun O‘zbekiston xalqi qatori 96 mingga yaqin andijonliklar ham fashizmga qarshi kurashga otlandi. Ular boshqa qardosh xalqlar bilan yonma-yon turib Moskvadan Berlingacha, butun bashariyatni fashizm balosidan ozod etish uchun mardonavor jang qildilar.
Ikkinchi jahon urushidan 54 ming nafar andijonlik o‘z yurtiga qaytib keldi. Uyi, oilasiga qaytgan har biri jangchining jasorati o‘zi bir doston. Hozirda ularning atigi 4 nafari hayot. Bugungi kunda viloyatimizda to‘rt nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, bir nafar fashistlar kontslagerida asir bo‘lgan hamda to‘rt yuz nafardan ziyod front orti mehnat faxriysi umrguzaronlik qilmoqda. Ularning ko‘ksini qadr, ehtirom, sharaf degan yuksak unvonlar bezab turibdi.
Urushdan qaytgan 54 ming nafar andijonliklar qatorida Ahmadjon Mamajonov ham bor edi. Mamajon kulol va Oyimxon chevarning o‘g‘li Ahmadjon 1922 yilning 1 yanvarida Andijon shahrida tug‘ildi. 29-maktabni tamomlab, o‘qituvchilar tayyorlash maxsus kursini a’lo baholarga bitirdi. Unga ishlash uchun Andijon tumanidagi Nayman qishlog‘ida joylashgan to‘liqsiz o‘rta maktabga yo‘llanma berishdi.
Ahmadjon yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rib turganida, ulug‘ Vatan urushi boshlanib qoldi. U 1942 yil may oyining oxirlarida frontga otlandi. Ozgina harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, frontga ketdi. Chuykov qo‘mondonligidagi 62-armiya qismlarining birida bo‘linma qo‘mondoni, vzvod komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib fashistlarga qarshi kurashdi. U jangchilarni tinmay ruhlantirar, bostirib kelayotgan dushmanga qarshi hujumga boshlab borar, dovyurakligi bilan namuna bo‘lardi. Stalingrad ostonalarida og‘ir mudofaa janglari borardi. 1942 yilning avgust oyining oxirlarida janglar yanada dahshatli tus oldi. Ularning qismi Kalach cho‘lida qurshovda qoldi. Ahmadjon yoniga kelib tushgan snaryadning portlashidan xushidan ketdi.

- Nemis tilida so‘kinib, etigida biqiniga tepayotganidan xushiga kelgan Ahmadjon qarshisida avtomat o‘qtalgan fashistni ko‘rdi.
Nemislar uni asir oldi. Uni dastlab Melirovo shahri yonidagi adirlik o‘rtasida joylashgan konslagerga olib kelishdi. Dilni ezuvchi qiynoqlar, so‘roq-savollar boshlandi.
Har bir qadam, harakat nazorat ostida edi. Ahmadjon yuzlab asir jangchilar qatori Xorol, Lyubshin, Polshadagi Sileziya, Germaniyadagi Noehammer konslagerida it azobini ko‘rdi. Asirlik, harbiy asirlar lageri, ikkinchi shunday lager, uchinchi lager. Og‘ir kunlar, oylar, qiynoq, haqorat, ochlik.
Ammo e’tiqod, sadoqat butunligi, qayerda bo‘lsa ham dushmandan qasos olish istagi uni sira tinch qo‘ymasdi. 1943-yilning oxirida gitlerchilar bir necha yuz harbiy asirlarni Germaniyadagi konslagerlardan Italiyaning Karrara shahriga olib kelib, marmar konida ishlata boshlashadi. U yerdagi asirlar tosh kesishardi. Italiya partizanlarining qahramonliklari haqidagi xabarlar asirlar yashaydigan baraklargacha yetib kelardi. Ahmadjon asirlikda italiyalik Djino Krudeli bilan tanishib qoladi, u bilan birgalikda ko‘p o‘tmay bir necha asirlikdagi kishilar fashistlar tuzog‘idan qochishadi. Ular bir necha kun tog‘larda berkinishadi, ularni bir oila nemislardan yashiradi, keyinchalik esa partizanlar turgan toqqa qochib borishadi. Ularga italyan qizlari Nelli va Elvira yordam beradilar. Toskana oblastining shimolida harakat qiluvchi Italiyaning mashhur xalq qahramoni Juzeppe Garibaldi nomidagi partizanlar otryadi jangchilarining qahramonliklari el og‘zida edi. U yerda ularni bo‘yinlariga pionerlarning qizil galstuklarini taqib olgan yuzlab kishilar kutib oladilar. Ana shu daqiqadan boshlab ular xalq qasoskorlari safiga qo‘shilib, qo‘liga qurol olib, kurashga kirishib ketadilar. Bir necha bor quroldosh do‘stlari bilan soldat va qurol-aslaha yuklangan dushman poezdlarini, avtomashinalarini kulini ko‘kka sovurdilar. Ko‘priklarni porlatdilar. Lagerdagi harbiy asirlarni ozod qilish tashkil etildi. Dushman kazarmalari va omborlariga o‘t qo‘yildi. Nemislarning qurol-yarog‘larini qo‘lga kiritardilar. Partizan otryadi uchun oziq-ovqat topardilar. U bilan birga andijonlik o‘zbek farzandlari Nazir Abdurahmonov, Oyim qishloqlik Turg‘unali Qo‘chqarov va Bozorboy ismli hamshaharlari ham partizanlar otryadida jang qilishdi. Turg‘unali Ahmadjondan yoshi katta bo‘lib, urushgacha uylangan, o‘g‘li bor edi. Ular o‘sha Italiya tog‘lari orasida aka-uka bo‘lishga ahd qildilar. Qizg‘in janglar to‘xtovsiz kunu tun davom etardi. 1944-yilning bahor va yoz oylari ana shunday janglar bilan o‘tdi.
...O‘sha kunlari ular Karrara tog‘larining eng yuqorisida joylashgan edi. Italiyaliklar Ahmadjon Mamajonovni – Mixaylov Aleksandr, Turg‘unali Qo‘chqarovni Mixaylov Turan deb atasha boshlashdi. Ahmadjon Turg‘unbek bilan hamma operatsiyalarda birga bo‘lishdi. 1945-yilning fevral va mart oylarida gitlerchilar bilan partizanlar o‘rtasida kuchli to‘qnashuvlar bo‘lib turdi. Mart oyining oxirida partizanlar Monti farma tog‘ini butunlay egallab olgan edilar. Ro‘parasidagi tog‘da esa dushman joylashgan bo‘lib, har ikki tomon bir-biri bilan to‘xtovsiz otishib turardi. Ahmadjon va italiyalik Boji pulemetchi edi. Ular qulay marrada turib, dushman soldatlarini toqqa yaqinlashtirmaslik uchun o‘q yog‘dirib talofat yetkazardi. Turg‘un Qo‘chqarov dovyurak razvedkachi, merganligi bilan partizanlar o‘rtasida shuhrat qozongan edi. Gitlerchilar Mixaylo Aleksandro - Ahmadjon...